Yomon Odatlardan Voz Kechish
Sog'lom hayot tarzi hayotni izdan chiqaruvchi odatlar bilan mutlaqo mos kelmaydi. Shu sababli sog'lom oilaning eng muhim qoidalaridan biri yomon odatlardan voz kechishdir.Chekish, spirtli ichimliklarga ruju qo'yish va narkotik moddalarga qaramlik nafaqat bu odatlarga berilgan odamga, balki uning atrofidagi oila a'zolariga, ayniqsa, bolalarga katta zarar yetkazadi. Bola har doim ota-onasidan o'rnak oladi, shuning uchun sizning har bir harakatingizni ular ham takrorlashadi.
Kelajakdagi ota-onalarning zararli odatlari bolani homiladorlik davrida, tug'ilgandan keyin va hayot davomida uning sog'lig'iga, aql-idrokiga, psixikasiga va ijtimoiy moslashuviga salbiy ta'sir ko'rsatishi ko'p marta isbotlangan. Yaqinda olimlar tomonidan o'tkazilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, ko'plab bolalar chekishni faqat ota-onalariga taqlid qilgani uchun emas, balki passiv chekish tufayli ularning o'pka oldindan tamaki tutuniga o'rganib qolganligi uchun boshlashadi. Shuningdek, spirtli ichimliklarni iste'mol qiluvchi oilalarda bolalar oddiy oilalardagi tengdoshlariga qaraganda tez-tez ichkilikbozlikka berilishini tasdiqlovchi dalillar ham mavjud. Statistika shuni ko'rsatadiki, mamlakatimizda 9-15 yoshdagi bolalar narkoman bo'lishadi va ularning ko'pchiligi ota-onalarining ta'siri ostida bu yo'lga kirishadi.
O'sib kelayotgan avlodga ota-onalarning janjallashishi, so'kinishi va munosabatlarni baland ovozda aniqlashtirish odati katta salbiy ta'sir ko'rsatadi. Keyinchalik, bolalaringiz nega doim yig'laydi, asabiy va qo'rqoq bo'lib qoladi deb hayron bo'lmang. Agar oilada tez-tez janjallar, qichqiriqlar va hatto qo'l ko'tarishlar bo'lsa, bunday muhitni ko'rib o'sgan bolalar ham xuddi shunday uslubni o'zlashtiradi va hayvonlarga hamda tengdoshlariga nisbatan shafqatsiz bo'lib qoladi.
Zamonaviy hayotni gadjetlarsiz tasavvur qilish qiyin, ammo ota-onalarning vazifasi bolalarning gadjetlarga o'rganib qolmasligini ta'minlashdir. Kompyuter o'yinlari, internet va ijtimoiy tarmoqlar bolalarni virtual dunyoga tezda jalb etadi va undan chiqish qiyin bo'ladi. Gadjetlar bilan yolg'iz qoladigan vaqtni nazorat qilish, bolaga qiziqarli ishlarni taklif qilish va ko'proq birgalikda o'yinlar o'tkazish kerak. Agar butun oila o'z bo'sh vaqtini televizor qarshisida yoki kompyuter o'yinlari o'ynab yotish bilan o'tkazsa, bu passiv turmush tarzi nafaqat kompyuter yoki televizorga qaramlikni keltirib chiqaradi, balki ortiqcha vazn va sog'liq muammolariga olib keladi.
Noto'g'ri ovqatlanish odatlari haqida ko'p gapirildi. Noto'g'ri ovqatlanish odatlari - fastfud, konservalangan va qayta ishlangan mahsulotlar, gazlangan ichimliklar va paketlangan sharbatlar, tez-tez yarim tayyor mahsulotlarni iste'mol qilish va shunga o'xshash odatlar sizga faqat turli kasalliklarni olib keladi.
Eslab qoling, sizni o'rab turgan muhitni o'zingiz yaratasiz! Shuning uchun avvalo o'zingizni o'zgartirishingiz, yomon odatlardan qutulishingiz kerak, shundan keyin boshqalarni o'zgartirishga harakat qilishingiz mumkin. Baxtli va sog'lom hayot kechirish uchun siz va oilangizga salbiy ta'sir ko'rsatadigan narsalardan butunlay voz kechish kerak.